Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Saymumin Yatimovning ta’kidlashicha, MDH mamlakatlaridagi terrorchilik guruhlari yangi a’zolarni yollashda birinchi navbatda mehnat muhojirlarini tanlamoqda. Bu haqda xabar bermoqda «Взгляд».
Dushanbeda bo‘lib o‘tgan MDHning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha konferensiyasida so‘zlagan nutqida Yatimov mehnat muhojirlarini jinoyat tuzilmalari uchun “eng himoyasiz toifa” ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilik tashkilotlari, jumladan ularning “uyqudagi hujayralari”, MDH mamlakatlari hududida faol shakllanib, vaziyatni beqarorlashtirishga urinmoqda. Yollovchilar esa mintaqaviy mentalitetdan foydalanib, radikal g‘oyalarni yoyish va islomni siyosatlashtirishga harakat qilmoqda.
Yatimov qo‘shimcha qildi: terror tashkilotlari Yaqin va O‘rta Sharqda rekruttlarni tanlash va yollash bo‘yicha keng qamrovli tizim yaratganlar va ularni boshqa mamlakatlarda sabotaj hamda portlovchi harakatlarni amalga oshirishga yo‘naltirishmoqda.


