AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat rasmiylariga Los-Anjelesdagi muhojirlar bilan bog‘liq tartibsizliklarni to‘xtatish uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurdi. Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida u yirik shaharda tartibning yomonlashganidan xavotir bildirib, uni noqonuniy muhojirlar va jinoyatchilar “o‘zlashtirganini” aytdi. Trampning aytishicha, zo‘ravon namoyishchilar deportatsiya harakatlariga qarshilik ko‘rsatmoqda, biroq bunday tartibsizliklar uning qat’iyatini kuchaytiradi.
Ushbu maqsadga erishish uchun prezident ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem, mudofaa vaziri Pit Xegset va bosh prokuror Pam Bondiga kerakli choralarni ko'rishni buyurdi. Tramp tartib tiklanadi va Los-Anjeles “ozod qilinadi” deb ishontirdi.
Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Milliy gvardiyaning shaharga kiritilishiga qarshi chiqdi va Tramp ma'muriyatini qo'shinlarni qaytarishga chaqirdi va Trampning aralashuvi keraksiz keskinlikni keltirib chiqarmoqda va resurslarni haqiqatan ham zarur bo'lgan joydan yo'naltirishini aytdi.
Yaqinda Los-Anjelesda prezidentning immigratsiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari ham zo'ravonlikka aylandi, ikki politsiyachi jarohat oldi. Namoyishlarga javoban Tramp mahalliy huquq-tartibot idoralarini kuchaytirish uchun Milliy gvardiyaning 2000 askarini joylashtirgan. Shuningdek, u iyun oyi boshida 12 mamlakat fuqarolariga kirishiga qattiq cheklovlar qo‘ygan.


